2023-yil, may oyi.
Registon maktabining qurilishi davom etayotgan edi. Derazadan qarasam, ro‘paramizda shahardagi eng mashhur, hashamatli to‘yxonalardan biri — «Versal» ko‘rinib turardi. Kimdir manzilimizni so‘rasa, biz ham odatdagidek: «Versal to‘yxonasining yonida», deb tushuntirardik.
Bir kuni qurilish maydonida turib, atrofga uzoq tikildim. Hamma yoqda qurilish materiallari, ustalar, hali bitmagan devorlar... Ammo men ko‘z oldimga butunlay boshqa manzarani keltirdim: bolalar bilan gavjum maktabni, ilm olayotgan yoshlarni, farzandining kelajagidan umidvor ota-onalarni. Va o‘sha lahzada xayolimdan bir fikr o‘tdi: «Bir kun kelib, odamlar bu yerni to‘yxonaga qarab emas, Registon maktabiga qarab mo‘ljal olishadi». Men bunga chin dildan ishonardim.
Chunki tariximizda shunday davrlar bo‘lgan. Bundan 500 yil avval Samarqandning eng muhim mo‘ljallaridan biri Registon maydoni edi. Registon shunchaki maydon emasdi. Uning atrofida madrasalar, o‘z davrining yirik ilm maskanlari qad rostlagan edi. Uzoq yurtlardan ilm izlab kelishgan.
O‘ylab qolaman... Qachondan boshlab biz ilm maskanlariga emas, to‘yxonalarga qarab mo‘ljal oladigan bo‘ldik? Nega bugun shaharning eng taniqli binosi maktab bo‘lmasligi kerak? Axir jamiyat nimani qadrlasa, uning mo‘ljallari ham o‘sha qadriyat atrofida shakllanadi. Men to‘yxonalarga qarshi emasman. Ammo ilmga bo‘lgan e’tiborimiz, ta’limga bo‘lgan hurmatimiz har qanday dabdabadan ustun turishini istayman.
Registon maktablarining devorlariga bir maqsadni yozib qo‘yganmiz: «O‘zbekiston ta’limini dunyoda birinchi o‘ringa olib chiqish!» Kimlargadir bu balandparvoz gap bo‘lib tuyulishi mumkin.
Ammo men uchun bu shunchaki shior emas. Bu mening hayotim, orzuyim, ishonchim va har kungi kurashim.
Biz faqat maktab binolarini qurayotganimiz yo‘q. Biz ilm qadrlanadigan, ustoz e’zozlanadigan, farzandining bilimi bilan faxrlanadigan jamiyat qurilishiga hissa qo‘shmoqchimiz. Mening orzum — O‘zbekistonda maktablar yana eng muhim mo‘ljallarga aylanishi. Faqat manzil ko‘rsatadigan emas, balki butun bir avlodning kelajagiga yo‘l ko‘rsatadigan mo‘ljallarga.
Siz nima deb o‘ylaysiz: bugun jamiyatimiz nimaga qarab mo‘ljal olmoqda?