2023-yil, 17-may.
Toshkentdagi birinchi Registon maktabining oltinchi qavatida turibman.
Atrofimda beton ustunlar, qurilish materiallari. Jazirama issiq. Binoning maktabga o‘xshaydigan joyi hali juda kam.
Ammo biz sentabrda o‘quvchilarni qabul qilishni rejalashtirganmiz.
Ota-onalar kelib, qurilishni ko‘rishadi.
«Nahotki shu bino uch oyda maktabga aylansa?»
«O‘quv yiligacha bitkazishga ulgurasizlarmi?»
Men esa bir xil javob beraman:
«Ha, albatta. Uch oydan keyin ko‘rasiz!»
To‘g‘risi, o‘sha paytda o‘zimda ham xavotir yo‘q emasdi.
Axir gap oddiy bino haqida emas, yuzlab bolalarning kelajagi, ota-onalarning ishonchi haqida ketayotgan edi.
O‘sha kunlarda bir narsani chuqur angladim.
Rahbarning ishonchi faqat yaxshi kunlarda emas, eng og‘ir vaziyatlarda sinaladi.
Ishonch degani muammolarni ko‘rmaslik emas.
Aksincha, muammolarni hammadan yaxshiroq ko‘rib turib, ularning yechimi uchun mas’uliyatni zimmasiga olishdir.
Bugun katta ish boshlayotgan rahbarlarga bir savolim bor:
Siz jamoangizga ishontirayotgan kelajakka o‘zingiz qanchalik ishonasiz?