2013-yil. Toshkent.

Ijara uyimizda abituriyentlarga dars berardim. O‘quvchilarimiz ko‘payib, joy yetmay qoldi.
Yangi partalar sotib olishga imkoniyatimiz yo‘q edi. Shogirdim Alisher bilan Yangiobod bozoriga bordik.
Ikkita eski parta sotib oldik.

O‘sha paytda bizda katta bino ham, zamonaviy jihozlar ham, investor ham yo‘q edi.
Ammo bir narsamiz bor edi.
Ta’lim orqali insonlarning hayotini o‘zgartirish mumkinligiga ishonch.

Hozir ortga qarasam, Registonning eng katta boyligi o‘sha paytda ham binolar yoki pullar bo‘lmaganini tushunaman.
Bizning eng katta boyligimiz maqsadimiz va shu maqsad yo‘lida mehnat qilishga tayyorligimiz edi.

Ko‘pchilik katta ish boshlash uchun katta mablag‘ kerak deb o‘ylaydi.
Men esa boshqacha fikrdaman.
Katta ish boshlash uchun avvalo katta maqsad kerak. Mablag‘ va imkoniyatlar esa shu maqsad yo‘lida izlanish davomida topiladi.

Bugun biror ishni boshlash uchun barcha sharoit tayyor bo‘lishini kutayotgan yoshlarga aytadigan gapim shu:
Qo‘lingizda nima borligidan ko‘ra, o‘sha imkoniyat bilan nima qilayotganingiz muhimroq.

Siz katta orzuingiz yo‘lida bugun qanday kichik qadam tashladingiz?