Bir paytlar ta’lim loyihamizga nom izlaganmiz.
Turkiston, Turon, Ulug‘bek, Mir Arab, Dorul ilm...
Ko‘plab variantlarni muhokama qilganmiz.
Oxiri «Registon» nomini tanladik.

Bu tanlov shunchaki chiroyli yoki jarangdor nom izlash natijasi emasdi.
Men uchun Registon, avvalo, ilm-ma’rifat ramzi edi.
Bir zamonlar Samarqanddagi Registon maydoni atrofida yirik madrasalar qad rostlagan. Turli yurtlardan insonlar ilm izlab kelgan.
O‘sha davrda ilm maskanlari jamiyatning eng muhim markazlaridan bo‘lgan.

Men ham shunday jamiyatni orzu qilaman.
Maktablarimiz shaharning eng obro‘li maskanlariga aylanishini istayman.
Ota-onalar farzandining qaysi to‘yxonada to‘y qilishi haqida emas, qaysi maktabda qanday bilim olishi haqida ko‘proq qayg‘uradigan jamiyatni.
Chunki millatning kelajagini uning bugun nimaga ko‘proq e’tibor qaratayotgani belgilaydi.

Registon nomini tanlaganimizda bu orzularning barchasi amalga oshishiga hech qanday kafolat yo‘q edi.
Ammo yo‘nalishimiz aniq edi.
Biz shunchaki ta’lim markazi emas, ilmni jamiyatning markaziga qaytaradigan loyiha qurmoqchi edik.

Bugun ham shu maqsad yo‘lida harakat qilyapmiz.